Archa (lotincha: Juniperus) — Archadoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxt va butalardan iborat turkum. Archaning 70 ga yaqin turlari mavjud. U bir jinsli, bir yoki ikki uyli boʻlib, shamol yordamida changlanadigan ignabargli oʻsimlik hisoblanadi. Erkak archalar sargʻish rangda, 3–6 changdonli qipiqsimon changchilardan iborat, urgʻochi archalar esa yashil boʻlib, urugʻchibarg va urugʻkurtaklardan tashkil topgan. Archaning qubba mevalari dumaloq (diametri 5–20 mm) shaklda boʻlib, ichida 1–10 dona urugʻ saqlaydi. Archa mart–may oylarida gullaydi, mevasi esa ikkinchi yil (sentabr–noyabrda) pishib, qish yoki bahorda toʻkiladi.
Archaning urugʻini yaxshi undirish uchun uni kuzda sepishdan oldin stratifikatsiya qilish kerak. Ikki-uch yoshli koʻchatlari ekiladi. Oʻzbekiston va umuman Oʻrta Osiyo togʻlarida J. semiglobosa (sovur archa), J. turkestanica (oʻrik archa), J. sabina (qora archa) va J. seravschanica (Zarafshon archasi) kabi turlari keng tarqalgan.
Archaning xoʻjalikdagi ahamiyati katta: yogʻochi meʼmorlikda, oʻymakorlikda va qalam yasashda ishlatiladi. Ayrim turlari xushmanzara oʻsimlik sifatida oʻstiriladi. Qubbalaridan efir moyi, qatron, qand, mum va organik kislotalar olinadi. Shuningdek, qubbasining damlamasi tabobatda siydik haydovchi, balgʻam koʻchiruvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi dori sifatida ishlatiladi. Oʻrta Osiyoda oʻsuvchi turlardan olinadigan efir moyining sedrol fraksiyasi esa jarohatni, suyakning teshilib oqishini davolashda qoʻllanadi[1]