Aviatsiya (fransuzcha: „aviation“, lotincha: „avis“ – qush) – havodan ogʻir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo boʻshligʻi atmosferada parvoz qilish bilan bogʻliq tushuncha. Aviatsiyada samolyotlar, vertolyotlar, planyorlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham aviatsiya deb ataladi.
Aviatsiya fuqaro va harbiy aviatsiyaga boʻlinadi. Fuqaro aviatsiyasi yoʻlovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, oʻquv-sport va maxsus ishlarga moʻljallangan (qishloq xoʻjaligida, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va boshqalarda ishlatiladigan) xillari bor. Yoʻlovchilar va yuklarni doimo tashishni taʼminlash uchun fuqaro aviatsiyasi tarkibiga samolyotlar va vertolyotlar saroyi, uchishni taʼminlay-digan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy aviatsiya esa quruklikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qoʻshinlari bilan birgalikda harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi.