Balet (fransuzcha: ballet; lotincha: ballo – raqsga tushaman) – asar mazmuni musiqiy xoreografik obrazlar vositasi bilan ifodalanadigan sahna sanʼati turi. Oʻzida sanʼatning dramaturgiya, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼat kabi turlarini uygʻunlashtiradi, bu sanʼat turlarining hammasi alohida-alohida mavjud boʻlmay, baletning sintez markazi boʻlgan xoreografiyaga boʻysunadi[1][2].
Balet librettochi, kompozitor, baletmeyster va rassom hamkorligida yaratiladi. Baletning dramaturgik asosi libretto (ssenariy)dan boshlanib, unda asarning asosiy mazmuni, gʻoya, ziddiyat va harakterlari aniq belgilanadi. Libretto koʻpincha adabiy asarga asoslanib, uni musiqa va xoreografiyada gavdalantirish imkoniyati hisobga olinadi. Ssenariy asosida esa kompozitor balet musiqasini yaratadi. Uning izchilligi, sahna koʻrinishi, parda va nomerlarga boʻlinishi ssenariyda koʻrsatiladi. Musiqa faqat ssenariyni ifodalabgina qolmay, balki musiqali obrazlarning mazmuni bilan uni boyitadi. Balet musiqasi xoreografiyani yaratish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Balet— musiqada yozilgan, xoreografiyada gavdalantirilgan drama. Xoreografik harakatning asosi raqs va inson tanasining plastikasidir. Baletda raqsning mumtoz, harakterli, sahna, xalq, erkin plastika, „modern“ kabi turlaridan foydalaniladi. Mumtoz raqs Yevropa balet sanʼatida yetakchi oʻrinni egallab, pantomima, raqsning boshqa turlari, sport va akrobatika elementlari bilan boyib bormoqda. Balet spektaklida dekoratsiya, libos, yorugʻlik va boshqa hamma tasviriy vositalarni musiqiy-xoreografik harakatga uygʻunlashtirish rassomning vazifasidir. Balet spektaklining ijrosi, musiqiy talqini va musiqa bilan raqs harakatining uygʻunligiga dirijyor rahbarlik qiladi. Baletning fojia, komediya, pyesa, balet – simfoniya kabi janrlari mavjud. Balet spektakllari bir pardali, koʻp pardali boʻladi. Balet atamasi asosan 16–19-asrlar davomida shakllangan yevropa balet sanʼatini ifodalaydi, lekin 20-asrdan kengroq talqin qilinib, Osiyo va Afrika mamlakatlarining raqs tomoshalariga nisbatan ham ishlatiladi. Yevropa baletining paydo boʻlishi qadimiy xalq musiqali raqs tomoshalariga borib taqaladi. 15–16-asrlar teatrlashgan raqslarning shakllanish jarayoni avval Italiyada, soʻng boshqa mamlakatlarda balet sanʼatini vujudga kelishiga sabab boʻldi. 1581-yil Fransiyada yaxlit va rivojlangan mazmunli musiqa, raqs, pantomima, soʻz va ashula bilan ifodalangan birinchi balet spektakli („Qirolichaning hajviy baleti“) yaratildi. 1661-yil Parijda tashkil qilingan „Qirollik raqs akademiyasi“ baletning professional sanʼatga aylanishida katta rol oʻynadi. 18-asrda Angliya, Avstriya va Fransiyada balet batamom mustaqil sanʼat turi sifatida shakllandi. Rossiyada birinchi balet spektakli 17-asrning 70-yillarida („Orfey va Evredika haqida balet“) yaratilgan.