Bon Om Tuk yoki Suv festivali (kxmer. បុណ្យអុំទូក, inglizcha: Bon Om Touk yoki Khmer Water Festival) noyabr oyida nishonlanadigan Kambodja bayramidir. Festival uch kun davom etadi. U musson mavsumining tugashiga va Tonlesap daryosi oqimining teskari oʻzgarishiga bagʻishlangan[1]. Har yili millionlab insonlarni jalb etadigan eshkak eshish musobaqalari, kontsertlar va mushakbozliklarni oʻz ichiga oladi[2].
Barcha shaharlar va viloyatlar bayramga qoʻshilishadi, lekin eng katta bayramlar Pnompenda boʻlib oʻtadi, eshkak eshish musobaqalari bu yerda, Sisovat qirgʻogʻi boʻylab , Qirollik saroyi qarshisida oʻtkaziladi. Festival mamlakatning ikkinchi yirik shahri Siemreapda ham juda keng miqyosda nishonlanadi.
2010-yil 22-noyabrda Pnompendagi Bon Om Tuk bayrami chogʻida tiqilinchda 456 kishi[3] halok boʻldi. Bundan avvalgi festivalda ham halokatli hodisalar boʻlgan. Shunday qilib, 2008-yilda qayiqning agʻdarilishi natijasida 5 ta singapurlik eshkakchi, 2009-yilda esa 1 kambodjalik eshkakchi choʻkib halok boʻlgan[4]. 2010-yildagi fojiali voqealardan keyin festival keyingi uch yil davomida bekor qilindi va faqat 2014-yilda qayta tiklandi[2].