Buxoro madrasalari — Turon hududiga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng, Buxoro vohasida IX asr boshlaridan tashkil etila boshlagan oliy taʼlim berish uchun maxsus qurilgan oʻquv binolari — oliy oʻquv yurtlarining umumlashtirilgan nomi.
Buxoro madrasalari taʼlim tizimining eng yuqori bosqichi boʻlib, ilm maskani sifatida nafaqat Turonda, balki barcha musulmon mamlakatlarida madaniyat oʻchoqlari vazifasini oʻtab, maʼrifat markazi boʻlgan. Buxoro madrasalari islom olamidagi eng mashhur va nufuzli oliy oʻquv yurti boʻlib, ularda taʼlim olgan ulamolarning diniy masalalardagi fikrlari Misr va Hijozda oʻqiganlarning fikrlaridan koʻra moʻtabarroq hisoblangan[1].
Buxoro madrasalari nafaqat oliy oʻquv yurti, balki oʻziga xos meʼmoriy yodgorlik obidalari ham edi. Buxoro madrasalari oʻz hashamati, pishiq va puxta qurilganligi bilan meʼmoriy jihatdan oʻrta asr arxitekturasining eng nodir namunalari sifatida hozirgacha saqlanib qolgan. Madrasalar qurish ishi bilan asrlar osha shugʻullanilganligi bois, bu borada boy tajriba ham shakllangan[2].