Dehqonlar ijtimoiy guruh, aholining asosiy kasbi dehqonchilik boʻlgan maxsus toifasidir. Dehqonlar mehnat faoliyati, turmush tarzi, manfaati va koʻnikmalariga koʻra jamiyatdagi boshqa sinf va ijtimoiy guruhlardan farq qiladi. Dehqonlar agrar sohada faoliyat koʻrsatadi, yer va boshqa resurslarga egalik qiladi, oʻz ishlab chiqarish vositalari va oila aʼzolari mehnati bilan yakka xoʻjalik yuritadi. Dehqonlarning paydo boʻlishi ibtidoiy jamoat tuzumining parchalanishi jarayonida qishloq xoʻjaligida ixtisoslashuv yuz berib, dehqonchilikning chorvachilikdan ajralib chiqishi va mayda oilaviy xoʻjaliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq.