Dutor

Dutor (forscha: دوتار) – Oʻrta Osiyo, Eron va Janubiy Osiyoda tarqalgan anʼanaviy ikki torli musiqa asbobidir. Nomi fors tilidan „ikki tor“ (< دو du — „ikki“, تار tār — „tor“) deb tarjima qilinadi, biroq Hirot dutori oʻn torʼtta torli boʻladi. Dutor XV asr atroflarida paydo boʻlgan deya tahminlar mavjud. O‘zbek, tojik, uyg‘ur, turkman, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqalgan. O‘zbek dutori muloyim, nafis va shirali ovozi bilan boshqa cholg‘ulardan ajralib turadi. Dutorning dutor-alt turi ham mavjud, dutor-kontrabas, dutor-bas kabi zamonaviy turlari ham mavjud.

Dutor va doiralar

Dutor yakkanavoz va joʻrnavoz cholgʻu sozi boʻlib, sozandadan katta ijro mahoratini talab etadi. Dutorda yakka zarb, qoʻshzarb, bilak zarb, bidratma, teskari zarb kabi ijro usullari mavjud. Dutor haqidagi dastlabki yozma maʼlumotlarni Navoiyning zamondoshi Zaynulobidin al-Husayniy ,,Musiqaning ilmiy va amaliy qoidalari" nomli risolasi (XVI bobi) da uchratamiz. XVI – XVII asrlarda „Dutoriy“ taxallusi bilan ijod etgan (hirotlik Yusuf Mavdudiy Dutoriy, mashhadlik Mirquliy Dutoriy kabi) sozandalarning nomlari manbalarda saqlangan. Hozirda milliy dutor ijrochiligining oʻziga xos uslublari 4 ta asosiy (Andijon, Toshkent, Samarqand va Xorazm) dutorchilik maktablari orqali namoyon boʻladi.

Dutor-alt – anʼanaviy dutorni 1930-yillarda qayta ishlash natijasida paydo boʻlgan turi. Torlari kapron (yoki boshqa polimer iplari)dan ishlanadi. Dastasiga xromatik tartibda joylashgan yogʻoch yoki suyak pardalari yelimlab yopishtiriladi. Repertuaridan asosan oʻzbek kompozitorlari tomonidan qayta ishlangan (garmonizatsiyalashgan) xalq kuylari, fortepiano joʻrligida ijro etilayot-gan asarlar oʻrin olgan. Mazkur dutor asosida (Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestriga moslab) turli hajmdagi dutor xillari (dutor-bas, dutor-kontrabas) ishlandi. (Manba: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. – T., 2000.) Jumladan, XX asrning 30-yillarning birinchi yarmida boshida musiqa cholgʻulari yasash boʻyicha nom qozongan Usta Usmon Zufarov (1892-1981) dutor va gʻijjaklarning turdosh oilasini yaratish boʻyicha oʻz takliflarini berdi va Oʻzbekiston radiosi qoshidagi xalq cholgʻulari milliy ansamblining rahbari, akademik Yunus Rajabiy usta Usmon Zufarov bilan hamkorlikda dutor bas (katta dutor) turini yaratdi[1].

  1. Jumayev S. Soz va sozgarlik, 2018. 

From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne