Furqat

Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat
Tavalludi 1859-yil
Qoʻqon, Toshkent
Vafoti 1909-yil
Yorkent
Fuqaroligi Qo'qon xonligi
Millati Oʻzbek
Sohasi Shoir, yozuvchi
Mashhur ishlari „Ilm xosiyati“, „Gimnaziya“, „Vistavka xususida“, „Akt majlisi xususida“, „Suvorov“, „Nuh manzar.“
Dini Islom

Furqat (taxallusi; asl ism-sharifi Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli) (1859, Qoʻqon —1909, Yorkent) — milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida oʻzidan boy maʼnaviy meros qoldirgan. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan biri boʻlgan. Yoshligidanoq Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizgʻin ijodiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, arab tilini oʻrgangan. 8 yoshida Fariduddin Attorning „Mantiq ut-tayr“ asarini yod oladi. 14 yoshida madrasa talabasi boʻladi. Furqat 1873—1876-yillarda madrasada oʻqigan. Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur oʻrgangan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan. 1876-yilda Yangi Margʻilon (hozirgi Fargʻona) shahridagi savdogar togʻasining iltimosiga koʻra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik oʻzi ham kichik doʻkon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne