Geografiya

Geografiya yoki Joʻgʻrofiya (grekcha: γεωγραφία; γη yoki γαια – „Yer“, γραφειν – „tasvirlamoq“ yoki „yozmoq“ yoxud „xaritalamoq“) – Yerning geografik qobigʻi, uning struktura va dinamikasi, alohida komponentlarini hududlar boʻyicha oʻzaro taʼsiri va taqsimlanishini oʻrganadigan fanlar majmui. Antik dunyo gʻarb olimlari Yer yuzasining manzarasini „geografiya“ soʻzi bilan ifodalaganlar. Geografiya terminini dastlab Eratosfen (mil. av. 276—194-yillarda yashagan) kiritgan. Oʻrta Osiyoda IX-Xasrlardan boshlab Geografiya soʻzi maʼnosida „surati arz“, „yetti iqlim“, „Kitob almasolik valmamolik“ („Mamlakatlar va masofalar kitobi“) iboralari qoʻllangan. XIX-XX asr boshlarida oʻzbek tilida „geografiya“ arabcha talaffuz bilan „jugʻrofiya“ shaklida yozilgan. Hozirgi davrda „Geografiya“ oʻrniga „Geografiya fanlari sistemasi“ iborasini qoʻllash ilmiy jihatdan toʻgʻriroqdir.

Geografiya fanlari sistemasi 3 asosiy tarmoqqa boʻlinadi: a) tabiiy, yaʼni tabiiy geografik fanlar – ularga tabiiy geografiya (umumiy yer bilimi, landshaftshunoslik va paleogeografiyani oʻz ichiga oladi), geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanologiya, glyatsiologiya, geokriologiya, tuproklar Geografiyasi va biogeografiya kiradi; b) ijtimoiy va iqtisodiy geografik fanlar – umumiy va regional iqtisodiy Geografiya, xoʻjalik tarmoqlari Geografiyasi (sanoat Geografiyasi, qishloq xoʻjaligi Geografiyasi, transport Geografiyasi va b.), aholi Geografiyasi, siyosiy Geografiya; v) xaritagrafiya. Undan tashqari Geografiyaga mamlakatshunoslik, tibbiy geografiya, rekreatsiya va harbiy geografiya ham kiradi. Keyingi yillarda koinotni oʻrganish rivojlanishi bilan selenografiya (Oy Geografiyasi), kosmos yershunosligi kabi sohalar ham vujudga keldi. Yer sunʼiy yoʻldoshlari va kosmik kemadan turib Yer yuzasining suratini olish va xaritasini tuzish usullari ham yaratildi. Geografiya eng qadimgi fanlardandir. Odamzod paydo boʻlgandan keyin muayyan davr oʻtgach, tabiiy muhit bilan jamiyatning oʻzaro munosabatlari natijasida, ovchilik, yerni ishlash va savdo-sotiq ehtiyojlariga koʻra yaqin-uzoq masofalarga borib kelish, tevarak-atrofni bilish va turli-tuman xalklar oʻrtasida oʻzaro muomala qilish boshlangan. Odamlar ilmiy-amaliy maqsadlarda dengiz yoʻllarini va joylarning tabiatini, xoʻjaligi va xalqlarini oʻrganib turganlar. Shu yoʻllar bilan geografik maʼlumotlar toʻplangan, devor va toshlarga bitilgan, qogʻozga yozilgan. Mil. av. qadimgi dunyoning madaniyat markazlarida (Turon, Shimoliy Hindiston, Xitoy, Bobil va Ossuriya, Misr va Yunonistonda) dastlabki ilmii xulosalarga erishildi. Doira 360 gradusga boʻlindi, sutka 24 soat deb belgilandi, geografik kenglik va uzunlik ifodalari yuzaga keldi. Yer shar shaklida degan fikr maydonga keldi (yunon olimlari Fales, Pifagor, Eratosfen va Aristotel), dastlabki globus va ibtidoiy xarita yasaldi (Anaksimandr), dunyo qitʼalariga nom berildi. Iskandariyalik matematik va geograf Eratosfen (mil. av. III-asrda) Yer aylanasining uzunligini oʻlchab koʻrgan va Yer meridianining (hoz. oʻlchov birligida) 39816 km ligini aniqlagan. Bu esa haqiqiy uzunligiga ancha yaqindir. Yer yuzida issiq, moʻʼtadil va sovuq mintaqalar borligi, yaʼni geografik zonallik tushunchasi ham qadimgi dunyo Geografiyasining nazariy yutuqlaridandir. Oʻsha davrda baʼzilar Yer yuzida suvlik koʻp desalar, boshqalar, aksincha, quruqlik koʻp der edilar. Shuningdek, Quyosh bilan Yerning munosabati xususida ham ikki mulohaza boʻlgan. Ayrim olimlar (ayniqsa Ptolemey) olamning markazini Yer hisoblab, Quyosh va sayyoralar esa uning atrofida aylanadi (geotsentrik nazariya) desalar, boshqa olimlar geliotsentrik nazariyani ilgari surdilar, yaʼni olamning markazi Quyoshdir, Yer va b. sayyoralar uning atrofida aylanadi deganlar. Aleksandr (Iskander Makduniy)ning Eron, Turon va Hindistonga yurishlari hamda finikiyaliklarning Oʻrta dengiz va Afrika tevaragidagi suzishlari geografik tasavvurlarni birmuncha kengaytirdi. Umuman, yunon olimlari Sharqdagi ilm-fan markazlarining yutuqlaridan xabardor boʻlganlar va ulardan oʻz asarlarida foydalanganlar. Strabon (mil. av. 63 yil – mil.av. 21 yil) dunyo Geografiyasidan 17 jildli kitob yezdi (2 jildi umumiy Geografiya, 8 jildi – Yevropa, 1 jildi – Afrika, 6 jildi – Osiyo), Klavdiy Ptolemey (90—168 yillar) Geografiya va xaritagrafik proyeksiyalarga doir 8 jild kitob yezdi. Turonlik va eronliklarning muqaddas kitobi Zend Avestoda ayrim geografik maʼlumotlar bor. Unda dunyodagi mamlakatlar – Eronvej, Sugd, Muru (Marv), Baxdi (Baqtriya), Nisoim (Jan. Turkmenistan), Hoʻruyu (Xirot), Hafta Hendu (Yetti Hindiston) va b. tilga olingan, baʼzilari taʼriflangan.

Oʻrta asrlarda vizantiyalik Zemarx (6-asr) Sharqiy Dashti Qipchoqqa sayohat qildi, normanlar (skandinaviyaliklar) IX-X asrlarda Atlantika okeanining shimolida suzib, Islandiya, Grenlandiya va Shimoliy Amerikagacha safar qildilar, rus pomorlari Shimoliy Muz okeanidagi ayrim orollarni oʻzlashtira boshladilar. XIII asr oʻrtalarida Fransiya qiroli Lyudovik IXning elchisi sifatida Oʻrta Osiyoga Rubruk kelib ketdi, italiyalik Plano Karpini Mongoliyagacha yetib bordi. Oʻrta asrlarda yevropaliklarning geografik tasavvurlariga eng katta taʼsir etgan voqea – Marko Poloning 25 yil davom etgan Xitoy sayohati (13-asr oxiri) boʻldi. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida madaniyatning yuksalishi, bir qancha mustaqil davlatlarning barpo etilishi, savdo-sotiq avj olishi natijasida Turkiya, Iroq, Eron, Hindiston va Movarounnahrda Geografiya fani ancha rivoj topdi. Uning eng yirik namoyandalaridan biri Muhammad ibn Muso Xorazmiy (8-asr oxiri – 9-asr oʻrtalari) Geografiyaga doir „Surat ul-arz“ kitobini yezdi. Unda dunyodagi 537 shaharning koordinatalari va qisqacha izohi berilgan. Aslida bu kitob kattagina bir geografik atlasning izohnomasi boʻlgan. Xorazmiy bu kitobini yozishda Ptolemeyning „Geografiya“ asaridan qisman foydalangan. Bu bilan qadimgi dunyo Geografiyasining merosi saqlab qolindi. 9-asrdan eʼtiboran arab va fors tillarida yaratilgan barcha geografik asarlar Xorazmiy kitobiga asoslangan. Shunday qilib, Xorazmiy butun Sharq Geografiyasining asoschisi boʻlib qoldi. Ahmad Fargʻoniy (9-asr) va Abu Abdulla Jayxoniy (9—10-asr)lar ham geografik asarlar yaratishdi. Fargʻoniy Misrdagi Nil daryosi suvining sathini kuzatish uchun Qohira shahri yonida „miqyos jadidi“ – nilometrni yaratganini alohida taʼkidlash lozim. Bundan tashqari Quyosh tutilishi, Yerning yumaloq shaklda ekanligini isbotlagan. Yerning oʻlchamlari toʻgʻrisida hoz. zamon maʼlumotlariga juda ham yaqin boʻlgan kattaliklarni ishlab chiqqan. Abu Zayd ibn Sahl Balxiy (850—934) „Suvor ulaqolim“ („Iqlimlar surati“) geografik asarini yozib, unga koʻpgina xaritalarni ilova qildi, Abu Zayd asarini eronlik Istahriy va Ibn Havqal yana kengaytirib, „Kitob almasolik valmamolik“ asarini yozdilar. 10-asrda yashagan arab geograflari Masʼudiy va Muqaddasiylar, 12-asr olimi Idrisiy oʻz zamonasi ahdini dunyo Geografiyasi bilan tanishtirishda katta xizmat qildilar. Sharq Geografiyasi faniga Beruniy va Ibn Sinoning taʼsiri juda katta boʻldi. Beruniyning barcha yirik asarlari („Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“, „Hindiston“, „Mineralogiya“, „Geodeziya“, „Maʼsud qonuni“) koʻp jihatdan Geografiyaga taalluqli. Beruniy Sharqda birinchi boʻlib globus yasadi, „Maʼsud qonuni“ kitobida 603 joyning geografik koordinatalarini aniqlab yozdi, boshqa bir kitobiga dunyo xaritasini ilova qildi. Beruniy Hindistonda turib, Yer aylanasining uzunligini oʻlchadi. „Geodeziya“ kitobida Amudaryoning oqimi oʻzgargani va Qoraqum choʻlining paydo boʻlishini tasvirladi va hokazo. U nazariy jihatdan ilk bor gʻarbda, Atlantika okeani ortida katta quruqlik mavjudligini taʼkidlagan. 5 asrdan soʻng yevropaliklar bu quruqlikning Amerika qitʼasi ekanligini kashf etganlar. 11-asrda balxlik Nosir Hisrav 7 yil davomida sayohat qilib, 15 ming km yoʻl bosdi – Movarounnahrdan Afrika shim.gacha, Arabiston va Hindistongacha sayohat qilib, „Safarnoma“ kitobini yozdi. Maxmud Koshgʻariy Markaziy Osiyodan Kichik Osiyo yarim orolgacha kezib, turkiy qabilalarning tili, urf-odatlari, shaharlari, daryo-koʻllari, togʻyaylovlarini tasvirlagan „Devonu lugʻotit turk“ asarini yozib qrldirdi. Kitobga dunyo xaritasi ham ilova qilingan. 13-asr boshida Marv sh.da (hoz. Turkmanistonning Mari sh.dan 30 km sharada) yashagan Abdulla Yoqut Hamaviy „Mujam ul-buldon“ geografik lugʻatini yozgan. Shimoliy afrikalik (marokashlik) arab Ibn Battuta 14-asrning eng mashhur sayyohidir, u 25 yil mobaynida 100 ming km dan ortiq masofani kezib chiqdi – Arabiston ya. o., Hindiston, Xitoy, Sumatra o., Movarounnahr, Janubiy Yevropa va Sahroi Kabirni sayohat qildi. 15-asr boshlarida Samarqand rasadxonasida temuriy hukmdor Mirzo Ulugʻbek rahbarligida astronomik va geografik jadvallar tuzi l di. Ali Qushchi Samarqandda va Istanbulda geografik asarlar yozdi. 16-asr boshida Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonga kelib, mashhur tarixiy-geografik asar – „Boburnoma“ni yaratdi. 15-asr oʻrtasi – 17-asrda Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida deyarli barcha materiklarning shakli belgilandi, yer yuzasining katta qismi tadqiq qilindi, nomaʼlum mamlakatlarning tabiati va xoʻjaligi haqida maʼlumotlar olindi. 17-asrning 1- yarmida yashagan gollandiyalik geograf B. Vareniusning „Umumiy geografiya“ kitobi oʻsha davrning eng yirik geografik asari boʻldi. Varenius birinchi boʻlib Yer haqidagi bilimlar sistemasidan umumiy geografiya va xususiy regional geografiyani ajratdi. 16—17-asrlarda xaritagrafiya boʻyicha katta muvaffaqiyatlarga erishildi, xaritagrafik proyeksiyalar ishlab chiqildi (Geografiya Merkator). 18-asr oxiri va 19-asr davomida Afrika, Janubiy Amerika, Avstraliyaning ichki rayonlarida geografik tadqiqotlar olib borildi. XIX-XX asrlarda Markaziy Osiyoda ilmiy tadqiqotlar qilindi.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne