Hind okeani

Hind Okeanı

Hind okeani – Dunyo okeanining bir qismi. Shimoliy tropik chizigʻidan deyarli butunlay janubida. Okeanning tabiatiga uning atrofini oʻrab olgan barcha materiklar, ayniqsa, Yevrosiyo materigi katta taʼsir koʻrsatadi. Janubiy qismida Hind okeani Atlantika va Tinch okeanlari bilan katta masofada tutashib turadi. Atlantika okeani bilan chegarasi shartli ravishda Afrika janubidagi Igna burni meridiani (20° shq.u.), Tinch okean bilan chegarasi Tasmaniya orolidagi Janubiy burun meridiani (147° shq.u.) orqali oʻtkaziladi. Orolning Shimoli-sharqda Tinch okean bilan chegarasi murakkab: Malakka yarim oroldan Sumatra oroli shimoliy qismiga oʻtadi, soʻngra Sumatraning janubi-gʻarbiy, Yava, Sumbava, Timor orollarining janubiy qirgʻoqlari boʻylab oʻtib, Yangi Gvineyaning gʻarbiy qirgʻogiga borgach, orolning janubiy qirgʻogʻi boʻylab oʻtib, Avstraliyaning Iork burni meridianiga, keyin shu meridian boʻylab Avstraliyaga boradi. Soʻngra Avstraliyaning shimoliy, gʻarbiy va janubiy qirgʻoqlari boʻylab oʻtib, Tasmaniya oroliga boradi. Shimolidan Osiyo, gʻarbdan Afrika va janubidan Antarktida oʻrab turadi. Hind okeani Tinch okeanidan farq qilib Yer poʻstining barqaror materik tuzilishiga ega boʻlgan palaxsalari – Gondvana materigi boʻlaklari bilan oʻralgan. Faqat Shimoli-sharqda yosh, tektonik geosinklinal mintaqa bilan chegaralangan. Bu yerda tektonik harakatlar kuchli, yer qimirlashlar tez-tez boʻlib turadi.

Hind okeani maydoni 76,17 mln. km², kattaligi jiqatdan 3-oʻrinda. Suv hajmi 282,7 mln. km oʻrtacha chuq. 3711 m, eng chuqur joyi 7729 m (Zond novi). Qirgʻoq chizigʻi ancha tekis, faqat shimoliy va Shimoli-sharqda egri-bugri joylar bor. Bu yerda qoʻltiq (Adan, Ummon, Fors, Bengaliya va boshqalar) va dengiz (Qizil, Andaman, Timor, Arafura va boshqalar) koʻp. Hind okeanida orol kam. Eng katta orollari – Madagaskar, Shri Lanka, Sokotra, Tasmaniya. Okeanning oʻrta qismida vulqon orollar: Maskaren, Qamar, Andaman, Nikobar, Kergelen va boshqa bor. Tropik mintaqalardagi suv osti vulqon togʻlarida marjon orollar koʻtarilib turadi: Maldiv, Lakkodiv, Chagos orollari va boshqa

Hind okeani juda katta masofada Antarktida bilan tutashib tursada, boshqa okeanlarga nisbatan ancha iliq. Chunki janubiy tropik chizigʻi okeanning deyarli oʻrta qismidan kesib oʻtadi.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne