Inson taraqqiyoti indeksi (HDI) – kutilayotgan umr koʻrish davomiyligi, taʼlim (maktabdagi oʻrtacha tugallangan oʻqish yillari) va aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad koʻrsatkichlaridan tashkil topgan statistik indeks boʻlib, u mamlakatlarni inson taraqqiyotining toʻrt darajasiga tasniflash uchun qoʻllaniladi. Umr davomiyligi, taʼlim darajasi va xarid qobiliyati pariteti boʻyicha aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi milliy daromad yuqori boʻlgan sari, mamlakat HDI boʻyicha yuqoriroq ball oladi. Inson taraqqiyoti indeksi pokistonlik iqtisodchi Mahbub ul-Haq tomonidan ishlab chiqilgan va keyinchalik Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) Inson taraqqiyoti boʻyicha hisobot byurosi tomonidan mamlakatlar taraqqiyotini oʻlchash uchun qoʻllanila boshlangan[1][2].
2010-yilgi Inson taraqqiyoti hisobotida tengsizlikka moslashtirilgan Inson taraqqiyoti indeksi (IHDI) joriy etildi[3].
Indeks Mahbub ul-Haq tomonidan ishlab chiqilgan va Amartya Senning inson imkoniyatlari haqidagi asarlariga asoslangan inson taraqqiyoti yondashuviga tayanadi. Bu yondashuv koʻpincha odamlarning hayotda „boʻlish“ va „qilish“ qobiliyati nuqtai nazaridan ifoda etiladi. Misol uchun, „boʻlish“ deganda yaxshi ovqatlanish, boshpanaga ega boʻlish, sogʻlom boʻlish; „qilish“ deganda esa ishlash, taʼlim olish, ovoz berish, jamiyat hayotida ishtirok etish tushuniladi. Tanlash erkinligi markaziy oʻrinda turadi – diniy sabablarga koʻra roʻza tutib och yurishni tanlagan odam bilan oziq-ovqat sotib olishga qurbi yetmagani yoki mamlakat ocharchilik holatida boʻlgani uchun och qolgan odam oʻrtasida katta farq bor[4].
Indeks aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan sof boylik yoki mamlakatdagi tovarlarning nisbiy sifati kabi bir qancha omillarni hisobga olmaydi. Bu holat G7 aʼzolari va boshqa shu kabi eng ilgʻor mamlakatlarning reytingini pasaytiradi[5].