Bu sahifa Qadimgi yunon dini turkumining bir qismi |
Yunon mifologiyasi |
---|
![]() |
Xudolar |
Qahramonlar va qahramonlik |
aloqador |
|
Odisseya (lotincha: Odessea, Odyssia, /ˈɒdɪsi/;[1] qadimgi yunoncha: Ὀδύσσεια) – yunon epik dostoni. Muallifligi Gomerga nisbat beriladi. Miloddan avvalgi taxminan 9— 8-asrlarda paydo boʻlgan „Iliada“ dostonidan keyin yaratilgan. Gekzametr (musaddas oʻlchovi)da yozilgan (12100 misra). Odisseya negizida dunyoga mashhur shunday folklor syujeti yotadi: uzoq darbadarlikdan soʻng sadoqatli rafiqasi Penelopa oldiga tanib boʻlmaydigan holda eri – Odissey qaytib keladi. Odissey obrazida qaxramonlik sifatlaridan koʻra uning aql-zakovati, epchilligi, tadbirkorligi ustun turadi. Odisseyada maishiy kartinalar va ertak unsurlari „Iliada“dagiga qaraganda koʻproq. Doston qadim zamonlardayoq yunon xalqining muqaddas va moʻtabar kitobiga aylangan. Koʻp tillarga tarjima qilingan. Ayrim parchalari oʻzbek tilida Mirtemir tarjimasida nashr etilgan[2].
Odisseya yunon qahramoni va Itaka qiroli Odisseyning oʻn yil davom etgan Troya urushidan soʻng vataniga qaytish sayohati haqida hikoya qiladi. Troyadan Itakagacha boʻlgan yoʻli yana oʻn yil davom etadi. Bu vaqt mobaynida u koʻplab xavf-xatarlarga duch keladi va barcha hamrohlari halok boʻladi. Odisseyning uzoq vaqt yoʻqligi sababli, uni vafot etgan deb oʻylashadi. Shu sababli, Odisseyning xotini Penelopa va oʻgʻli Telemax Penelopa bilan turmush qurish uchun raqobatlashayotgan bir toʻda bebosh kuyovlikka nomzodlar bilan kurashishga majbur boʻladi.
Odisseya dastlab miloddan avvalgi VIII yoki VII asrlarda yunonchada yozib olingan va miloddan avvalgi VI asr oʻrtalariga kelib yunon adabiyoti naʼmunasiga aylangan. Qadimda Gomerning muallifligi haqiqat deb qabul qilingan, biroq zamonaviy ilm-fan „Iliada“ va „Odisseya“ uzoq ogʻzaki anʼanalarning bir qismi sifatida alohida yaratilgan degan taxminlarni ilgari suradii. Keng tarqalgan savodsizlikni hisobga olgan holda, doston tinglovchilar uchun aoidos yoki rapsod tomonidan ijro etilgan.
Dostonning asosiy mavzulari nostos (νόστος; ’qaytish’, vatanga qaytish), sargardonlik, kseniya (ξενία; ’mehmon-doʻstlik’), qahramonlarni sinovdan oʻtkazish va turli bashoratlarni oʻz ichiga oladi. Olimlar hamon asardagi ayollar va qullar kabi baʼzi guruhlarning hikoyadagi ahamiyatini oʻrganmoqdalar, chunki bu guruhlar Odisseyada qadimgi adabiyotning boshqa asarlariga nisbatan muhimroq rol oʻynaygan. Bu eʼtibor, ayniqsa, Troya urushi davrida askarlar va podshohlarning jasoratlariga qaratilgan Iliada bilan taqqoslaganda anchagina eʼtiborga molikdir.
„Odisseya“ Gʻarb adabiyotining eng muhim asarlaridan biri sanaladi. „Odisseya“ning ingliz tiliga ilk tarjimasi XVI asrda amalga oshirilgan. Turli ommaviy axborot vositalari orqali uning davrga moslashtirilgan va qayta yaratilgan talqinlari ishlab chiqarishda davom etmoqda. 2018-yilda BBC Culture dunyo boʻylab mutaxassislar orasida adabiyotdagi eng davomli hikoyani aniqlash maqsadida soʻrovnoma oʻtkazganida, „Odisseya“ roʻyxatning yuqori pogʻonasidan joy olgan[3].