Olim (ilm soʻzidan) atamasi bilan keng maʼnoda tizimli ravishda bilim yigʻuvchi shaxs nomlanadi. Ayollar uchun olima soʻzi ishlatiladi. Tor maʼnoda esa olim, deb ilmiy uslubdan foydalanuvchi shaxsga aytiladi.[1] Olim fanning bir yoki bir necha sohasida mutaxassis boʻlishi mumkin.[2] Ushbu maqolada atamaning tor maʼnoda qoʻllanishi yoritiladi. Olimlar tabiatni fizik, matematik va ijtimoiy jihatlardan chuqurroq tushunish uchun tadqiqotlar olib borishadi.
Voqeʼlik (reallik) ning moddiy boʻlmagan va oʻlchab boʻlmaydigan jihatlarini faylasuflar oʻrganadi. Olimlar shuningdek amaliy maqsadlarda ishlatish uchun qurilmalar yasaydigan muhandislardan ham farqlanishadi. Fan amaliy foyda keltirib chiqadigan nuqtaga yetganida, u amaliy fan, deb nomlanadi (bu yerdan u muhandislik bilan yaqin ishlay boshlaydi). Fan voqeʼlikning nomoddiy xususiyatlarini oʻz ichiga olsa, u tabiiy falsafa, deb ataladi.
Zamonaviy olim ishiga oʻxshash faoliyat bilan shugʻullanuvchi ijtimoiy rollar XVII asrda paydo boʻla boshladi. Gʻarbda XX asr boshlarigacha fan bilan shugʻullanadiganlar „tabiiy faylasuflar“ yoki „fan odamlari“, deb atalardi.[3][4][5][6]
Olimlar universitet, institutlar yoki shirkatlar uchun ishlashadi. Shaxsiy tadqiqot oʻtkazuvchi olimlar ham mavjud. Olimlar mutaxassislik darajasini bildiruvchi ilmiy unvonlar olishlari mumkin (dotsent, doktor, professor kabi).