Samoviy otlar urushi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Xan sulolasi | Davan Yucheng Luntai | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Li Guangli Shangguan Jie Vang Shensheng Xu Chongguo |
Vugua Jianmi | ||||||
Kuchlar | |||||||
1-(miloddan avvalgi 104-yil): 20000 piyoda 6000 otliq 2-(miloddan avvalgi 102-yil): 60000 piyoda 30000 otliq askar 100000 hoʻkiz 20000 eshak va tuya |
Davan:? Yucheng: 3000 Luntay:? |
Samoviy otlar urushi yoki Xan—Davan urushi — miloddan avvalgi 104—102-yillarda[2] Xan sulolasi hukmronligi ostidagi xitoyliklar tomonidan Davan nomi bilan maʼlum boʻlgan saklar (skif) yashagan Fargʻona vodiysining sharqiy chekkasida boʻlgan harbiy toʻqnashuv[3][4]. Xan—Xunlar urushi atrofidagi geosiyosiy jarayon natijasida davanliklar va xitoyliklar oʻrtasida savdo kelishmovchiligi yuz beradi. Natijada Xanlar gʻalabasi bilan yakunlangan ekspeditsiyalar Xitoyga oʻz gegemonligini Gʻarbiy mintaqalardan Markaziy Osiyoga qadar kengaytirishga imkon bergan[5][6].
Xan imperatori Vu diplomat Chjan Syandan Davan davlati „samoviy otlar“ deb nom olgan tezkor va chopqir Farg‘ona otlariga egaligi haqida xabar oladi, bu esa koʻchmanchi Xunlarning otliqlariga qarshi kurashda va Xan davlati otliq qo‘shinlarining sifatini yaxshilashga katta yordam berardi. Shuning uchun imperator Vu Davanga elchilar yubordi. Elchining maqsadi mintaqani oʻrganish va bu otlarni olib kelish uchun savdo yoʻllarini koʻzdan kechirishdan iborat edi. Biroq, Davan podshosi nafaqat kelishuvni rad etdi, balki otlarga toʻlov sifatida yuborilgan oltinlarini ham musodara qildi. Xan elchilari uylariga ketayotganda pistirmaga uchrab, oʻldirildi. Xoʻrlangan va gʻazablangan Xan saroyi Davanni boʻysundirish uchun general Li Guangli boshchiligidagi qoʻshinni yubordi, ammo ularning birinchi bosqinlari yomon tashkil etilgan va yetarli darajada qurol bilan taʼminlanmagandi. Ikki yil oʻtgach, ikkinchi, kattaroq va ancha yaxshi taʼminlangan ekspeditsiya yuborildi. Yuborilgan qoʻshinlar Davan poytaxti Aleksandriya Esxatani (Ershini) muvaffaqiyatli qamal qildi (baʼzi manbalarda Ershi shahri Marhamat tumani Mingtepa hududida joylashgan deb tilga olinadi[7]) va Davanni soʻzsiz taslim boʻlishga majbur etdi. Xan ekspeditsiya kuchlari Davanda Xan tarafdorlari rejimini oʻrnatdilar va Xan imperiyasining yilqichilik tarmogʻini yaxshilash uchun yetarli miqdorda otlarni olib ketdilar[6]. Bu kuch prognozi, shuningdek, Gʻarbiy mintaqalardagi koʻplab kichik Toxar vohasi shahar-davlatlari savdo aloqalaridagi yetakchilikni Xunlardan Xan sulolasiga oʻtkazishga majbur qildi, bu esa keyinchalik Gʻarbiy mintaqalar protektoratining tashkil etilishiga yoʻl ochdi.