„Sk8er Boi“ | ||||
---|---|---|---|---|
![]() | ||||
Avril Lavigne qoʻshigʻi | ||||
„Let Go“ albomidan | ||||
A tomon | „I'm with You“ (faqat DVDda) | |||
B tomon | „Get Over It“ | |||
Chiqarilgan sanasi | 9-sentyabr, 2002-yil | |||
Janr | ||||
Davomiyligi | 3:23 | |||
Leybl | Arista | |||
Matn muallif(lar)i |
| |||
Prodyuser(lar) | The Matrix | |||
Avril Lavigne singllari xronologiyasi | ||||
| ||||
Klipi | ||||
„Sk8er Boi“ YouTubeda |
„Sk8er Boi“ („Skater Boy“ soʻzlarining oʻzgartirib yozilgani; tarjimasi „Skeytchi bola“) — kanadalik xonanda Avril Lavigne ijro etgan qoʻshiq. 2002-yilda Lavignening „Let Go“ nomli studiyaviy albomining ikkinchi taronasi oʻlaroq chiqarilgan. Qoʻshiqni Lavigne hamda „The Matrix“ jamoasi (Scott Spock, Lauren Christy va Graham Edwards) yozgan. Tarona pank rok, pop-pank, pauer pop hamda alternativ pop janrlarini oʻzida jamlagan. Qoʻshiq matnida muallifning roker yigiti hamda yigit maktabda tanigan qiz haqida hikoya qilinadi. Muallif maktabda skeytchi boʻlgan yigiti rok yulduzi boʻlib yetishgani, uni mensimagan qiz esa hozirgi kunda uyda oʻtiradigan yolgʻiz ona ekanligi haqida kuylaydi.
Qoʻshiq tanqidchilar tomonidan yaxshi kutib olingan va xonandaga katta shuhrat olib kelgan. Shuningdek, qoʻshiq 2003-yilda „Eng yaxshi ayol rok ijrosi“ nominatsiyasida „Grammy“ mukofotiga nomzod oʻlaroq koʻrsatilgan. „Sk8er Boi“ Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya hamda AQSh kabi oʻndan oshiq mamlakat xit-paradlaridan eng yuqori oʻntalikka kirgan. Qoʻshiq Lavignening „Billboard Hot 100“ xit-paradida eng yuqori oʻntalikka kirgan ikkinchi singlidir. „Spin“ musiqa jurnali qoʻshiqni XXI asrning beshinchi eng yaxshi pop-pank qoʻshigʻi deb topgan[1]. 2022-yilning avgust oyi holatiga koʻra, qoʻshiq AQShda 3 milliondan oshiq nusxada sotilgan[2].
Qoʻshiq uchun Francis Lawrence rejissyorligida klip suratga olingan[3]. Unda Lavigne shahar koʻchasida, avtomobil ustida atrofida toʻplangan olomonga konsert berayotgani aks etgan[4]. BT TV britan telekanali „Sk8er Boi“ qoʻshigʻi klipini oʻn yillikning eng yaxshi kliplaridan biri deb topgan[5]. Lavigne ushbu qoʻshiqni barcha konsertida ijro etib keladi.