Sperma

Sperma
spermatozoid va tuxumhujayra

Sperma (qadimgi yunoncha: σπέρμα sperma — uruġ, obbon, pusht), shahvat — odamda jinsiy aloqada erkaklardan, shuningdek, erkak hayvonlardan ajraladigan suyuqlik; erkaklik jinsiy bezlari ishlab chiqaradi. Quyuq, och kulrang, yopishqoq, hidli, Sperma spermatozoid va urugʻ suyuqligidan iborat. Sperma tarkibida oqsillar, yogʻlar, uglevodlar, kalsiy, kaliy, natriy tuzlari va boshqa organik, anorganik moddalar boʻladi. Sperma balogʻatga yetish davrida paydo boʻlib, voyaga yetganda koʻpayadi va yosh ulgʻaygan sari kamaya boradi. Har bir jinsiy aloqada ajralgan Sperma miqdori har xil turlarda turlicha: odamda 2—6 ml, buqada oʻrtacha 4—5 ml, otda 60—100 ml, choʻchqada 250 ml gacha, qoʻchqorda 1 — 1,5 ml. Spermadagi spermatozoid miqdori hayvonlarning yashash sharoitiga qarab ham har xil (qoʻchqorda 30% ga, buqada 14% ga yaqin, ot va choʻchqada 7—8%) boʻladi.

Spermaning urugʻlantirish taʼsiri spermatozoidning miqdori va sifatiga bogʻliq. Organizmning baʼzi patologik holatlarida Spermada spermatozoid boʻlmasligi (azoospermiya), miqdorining kamayishi (oligospermiya), harakatsiz (nekrospermiya) yoki gʻayritabiiy holatda (teratospermiya) boʻlishi mumkin. Sperma bepushtlik sababini aniqlashda sud tibbiy ekspertizasida tekshiriladi. Sperma sifatini baholash, uni suyultirish, saqlash, tashish va olish usullari qishloq xoʻjaligi. hayvonlarini sunʼiy qochirishda muhim ahamiyatga ega.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne