Sterilizatsiya — turli moddalar, xirurgiya asboblari, bogʻlov materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalarni mikroorganizmlardan va viruslardan butunlay tozalash. Tibbiyotda aseptikaning muhim usullaridan. Sterilizatsiya fizik va kimyoviy usullar yordamida amalga oshiriladi. Fizik usullarga termik (issiqlik) va nur bilan sterilizatsiya qilish kiradi. Kimyoviy sterilizatsiya sovuq sterilizatsiya deb ham yuritiladi, bunda sunʼiy materiallar yoki issiqlikka chidamsiz asboblar mikroblarni oʻldirish taʼsiriga ega boʻlgan kimyoviy moddalar yordamida sterilizatsiya qilinadi.