![]() | |
Muharrir(lar) |
Theodore Levin Saida Daukeyeva Elmira Kochumkulova |
---|---|
Til | inglizcha |
Janr(lar)i |
musiqa antropologiya |
Nashr etilgan sanasi |
2015 2016 |
Nashriyot | Indiana University Press |
Sahifalar soni | 676 |
ISBN |
ISBN 978-0-253-01751-2 ISBN 978-0-253-01764-2 (e-kitob) |
„The Music of Central Asia“ (tarjimasi „Markaziy Osiyo musiqasi“) — Markaziy Osiyo xalqlari musiqasi boʻyicha oʻquv qoʻllanma. Asar 14 mamlakatda yashovchi 27 nafar muallif tomonidan yozilgan. Unga amerikalik musiqashunos va etnograf Theodore Levin, qozogʻistonlik musiqashunos va tarixchi Saida Daukeyeva hamda qirgʻizistonlik antropolog Elmira Kochumkulova muharrirlik qilgan. Asar unda tilga olingan 200 ga yaqin musiqiy asarni va qoʻshimcha materiallarni oʻzida jamlagan www.musicofcentralasia.org sayti bilan hamkorlikda eʼlon qilindi.
Kitobda Markaziy Osiyo davlatlarining, xususan, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning musiqiy merosi, ushbu mamlakatlarda yashovchi xalqlar musiqasida Sovet Ittifoqi davrida qilingan islohotlar hamda mintaqada ijod qilgan yetuk musiqachilar, sanʼatkorlar va musiqashunoslar hayoti va ijodi haqida soʻz yuritiladi. Kitobdan, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari cholgʻu asboblari hamda musiqiy atamalari glossariysi, koʻplab surat va xaritalar hamda mualliflar va muharrirlarning qisqa biografiyalari oʻrin olgan.
Qoʻllanma ilk bor 2015-yil AQShning Bloomington shahrida Indiana University Press nashriyotida Ogʻa Xon madaniyat trasti (inglizcha: Aga Khan Trust for Culture) qoʻllovi bilan chop etildi. 2016-yil qayta nashr qilindi. Asar Markaziy Osiyo xalqlari musiqasiga bagʻishlangan ilk oʻquv qoʻllanmasidir. Asar toʻrt yirik boʻlim („Markaziy Osiyoda musiqa va madaniyat“, „Koʻchmanchilar dunyosi“, „Oʻtroq xalqlar dunyosi“, „Globalizatsiya davrida Markaziy Osiyo musiqasi“) va 31 bobdan iborat.
Kitob tanqidchilar va oʻquvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi.[1] Delaware universiteti professori Sunmin Yoon kitobni yuqori baholadi: „Bu kitob zamonaviy olimlar — ham markaziy osiyolik, ham xorijlik — yozgan tadqiqotlar bilan boyitilgan. Kitobning oʻziga xos jihatlaridan biri yoritilgan mavzularning ularni ham madaniy, ham musiqiy jihatdan oʻz boshidan kechirgan shaxslar tomonidan yozilganidir.“[2]