Ubaydulla Murodovich Uvatov | |
---|---|
Tavalludi |
23-fevral 1940-yil Gʻuzor tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Vafoti |
3-noyabr 2020-yil (80 yoshda) Toshkent, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Millati | Oʻzbek |
Kasbi | Tarixchi, sharqshunos, filolog, manbashunos, islomshunos |
Sohasi | Sharqshunoslik, islomshunoslik, manbashunoslik, hadisshunoslik |
Ish joylari |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti „Amir Temur“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi Toshkent islom universiteti Imom Buxoriy xalqaro markazi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi |
Institutlar |
Toshkent davlat universiteti (1964—1967) Toshkent islom universiteti (1999—2008) |
Taʼlimi |
Toshkent davlat universiteti (1958—1964) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti (aspirantura, 1967—1970) |
Ilmiy darajasi | Tarix fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | Professor |
Mashhur shogirdlari | tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD): Shukurillo Umarov, Ergash Daminov, Noʻmonjon Toʻrayev, Azizxoʻja Inoyatov |
Mashhur ishlari |
„Navobigʻ ul-kalim“, „Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur“, „Ash Shamoil an-Nabaviya“, „Tabsiratul adilla fi usulid din ala tariqatil Imom Abu Mansur Moturidiy“ (tarjima) „Buyuk yurt allomalari“, „Moturidiya taʼlimoti va Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi“ asarlari |
Mukofotlari | |
Dini | Islom, hanafiylik |
Ubaydulla Murodovich Uvatov (1940-yil 23-fevral, Gʻuzor tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR — 2020-yil 3-noyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — atoqli oʻzbek sharqshunos olimi, tarixchi, tarix fanlari doktori, professor. Olim temuriylar davri tarixi, shuningdek, oʻrta osiyolik allomalar ilmiy merosi, manbashunoslik va hadisshunoslik boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Bundan tashqari, hujjatli filmlar va spektakllar ssenariysi muallifi hamdir .
Ubaydulla Uvatov turli yillarda tarjimon, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni konsultativ sektor boʻlimi mudiri (1991—1992), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisning birinchi oʻrinbosari (1992—1995), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi (1995—1997), „Amir Temur“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi (1997—1999) va „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari (1999—2000), Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi, keyinchalik universitetning Manbalar xazinasi boʻlimi mudiri (1999—2008), Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari (2008—2013) va umrining oxiriga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori (2013—2020) lavozimida faoliyat yuritgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga asosan „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni, „Mehnat shuhrati“ va „Fidokorona xizmatlari uchun“ ordenlari bilan taqdirlangan .
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan akademiya talabalari uchun olim nomidagi maxsus stipendiya taʼsis etilgan.
Ubaydulla Uvatov vafotidan soʻng oʻzi taʼlim olgan Gʻuzor tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabi va ushbu tumandagi ikki koʻchaga olimning nomi berilgan. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida hozirga qadar olimning xotirasiga bagʻishlab ilmiy-amaliy anjumanlar, xotira va maʼrifat kechalari oʻtkazilib kelinmoqda .