Yangi Bobil imperiyasi

Yangi Bobil imperiyasi xaritasi

Yangi Bobil imperiyasi (Ikkinchi Bobil imperiyasi) - Miloddan avvalgi 626-539-yillarda Mesopotamiya, Falastin va qisman Misrda hukmronlik qilgan davlat. Miloddan avvlgi 626-yilda Bobil shohi Nabopalassarning toj kiyib taxtga oʻtirishidan Yangi Bobil imperiyasi davri boshlanadi[1]. Miloddan avvalgi 612-yilda Yangi Ossuriya imperiyasining qulashidan soʻng, Yangi Bobil kuch-qudratga toʻla boshlaydi. Bu davlatni Xaldeylar sulolasi boshqargan, shuning uchun baʼzi manbalarda imperiyani Xaldeylar podsholigi deb ham atashgan.

Yangi Bobil podshohligi m.a. VII asrgacha Ossuriya tarkibida edi. Ossuriyaning zaiflashishi natijasida, Bobil tarixda ikkinchi marta yaqin Sharqda hukmronlikni qoʻlga olish uchun tiklandi (birinchi marta podsho Xammurappi davrida Bobil ana shunday kuch-qudratga ega edi). Yangi Bobil hukmronligi davri butun Bobilda misli koʻrilmagan iqtisodiy oʻsish va aholi sonining koʻpayishi kuzatildi, madaniyat va sanʼat taraqqiy etdi. Yangi Bobil shohlari hashamatli saroylar, qasrlar, bogʻlar va ibodatxonalar qurishda tengsizlikka erishdilar. Bobilda 2000 yil avvalgi Shumer-Akkad madaniyati yuksak koʻrinishi tiklandi.

Imperiya madaniy hayotda oʻz nomini podsho Navuxodonosor II tufayli saqlab qolgan. Uning nomi Bibliyada ham kelgan, chunki u m. a. 587-yilda Iyerusalim (Quddus) ni varon etib, yahudiylarni u yerda Bobilga koʻchirgan edi. Natijada, tarix sahifasida yahudiylar uchun Bobil asirligi hisoblangan davr yuzaga keldi (m.a. 587-539-yillar). Yangi Bobil imperiyasi Navuxodonosor II davrida oʻzining oltin davrini boshdan kechirdi.

Yangi Bobilning oxirgi podshohi Nabonid davrida oy xudosi Sinning Bobilning homiy xudosi Mardukdan ustun deb eʼlon qilinishi xalq va ruhoniylar orasida norozilik keltirib chiqardi. Bu narsa tufayli davlat zaiflashdi, bundan foydalangan forslar shohi Kir II miloddan avvalgi 539-yilda Bobilni bosib oldi. Shundan soʻng, Bobil oʻzining iqtisodiy, siyosiy va madaniy nufuzini yoʻqotdi. Bobil keyingi imperiyalar hukmronligi davrida bir necha marta oʻz qudratini tiklashga harakat qilib isyon koʻtarsa-da, bunga erisha olmaydi.

  1. Hanish 2008.

From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Nelliwinne