Zilzilalar |
---|
Yer yoriqlari – togʻ jinslarining ichki va tashqi kuchlari taʼsirida, ularning yaxlitligi buzilishi tufayli vujudga kelgan har xil yoriqlar[1]. Bunday yoriqlar uzilmali strukturalar deb ham ataladi. Uzilmali strukturalarning asosiy qismi yer poʻstida tez, sekin va qaytariluvchi tangensial, radial va aralash yoʻnalishlardagi tektonik kuchlarning birgalikdagi taʼsiri tufayli rivojlanishi mumkin. Uzilmali strukturalar suyuq magmaning harakati va qotishi tufayli ham hosil boʻladi. Yer yoriqlarini vujudga kelishida tektonik kuchlar ham katta ahamiyatga ega. Bu uzilmali strukturalarning har xil morfologik turlari shakllanishida oʻz hissasini qoʻshadi.
Ushbu yoriqlar ulkan ichki bosim keltirib chiqaradigan yer qobigʻini shakllantiradigan plitalardagi tektonik kuchlar natijasida hosil boʻladi. Eng katta yoriqlar tektonik plitalar orasidagi chegaralarni belgilaydi. Masalan, subduksiya zonalarida topilgan megaseysmik yoriqlar yoki transformatsiyali yoriqlar shular jumlasidandir[2]. Bu bahaybat tuzilmalar Yer shari litosferasidagi seysmik harakatlarni tushunishda muhim ahamiyatga ega. Faol yoriqlarda keskin harakatlar tufayli energiya tez ajralib chiqadi, natijada zilzila sodir boʻlib, yer qobigʻi orqali seysmik toʻlqinlar tarqaladi. Biroq, barcha yoriqlar ham yuqori magnitudali keskin zilzilalarni keltirib chiqarmaydi[3].
Yoriq tekisligi deb ataluvchi hudud yoriqlarning haqiqiy vujudga kelish yuzasi hisoblanadi. Yoriq izi boʻlsa, (baʼzan yoriq chizigʻi deb ataladi) Yer yuzasini kesib oʻtadigan nuqta boʻlib, odatda, geologik xaritalarda yoriqlar taqsimoti va faoliyatini tahlil qilish uchun qayd etiladi. Katta yoriqli joylarda yoriqlar zonasi paydo boʻlishi mumkin[4][5].
Yoriq zonasi bir-biriga yaqin joylashgan parallel yoriqlar toʻplami yoki bitta katta yoriqni oʻrab turgan maydalangan tosh materiallar zonasi hisoblanadi[6][7]. Bir-biriga yaqin boʻlgan yoriqlar boʻylab uzoq davom etgan harakatda alohida yoriqlar orasidagi farq kamayadi, chunki ular orasidagi togʻ jinslari maydalanishi hisobiga murakkab deformatsiya zonalari hosil boʻladi[8][9].